“Yoshlarni kasbiy yo‘naltirish va kasbga oid maslahatlar berish bo‘yicha ochiq raqamli platforma yaratish” hamda “Yoshlar Farg‘ona vodiysida ijtimoiy totuvlikda” loyihalari doirasida turli yo‘nalishlarga oid kasblar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi yaratildi va ushbu kasblar bo‘yicha zarur ma’lumotlar (ijobiy va salbiy tomonlari, zarur ko‘nikmalar, talab qilinadigan ta’lim darajasi va boshqalar) to‘plandi. Kasb kalkulyatori o‘quvchining maktabdagi qiziqtirgan fanlariga asoslanib unga mos kasbni aniqlash vazifasini bajaradi. Shuningdek, platformada shaxsiyat testlari, kelajakdagi kasbni aniqlashga yordam beradigan kasbga yo‘naltirish testlari va boshqalar joy olgan.
“Qizlarning IT-ko‘nikmalarini rivojlantirish – ICT4Girls” loyihasi doirasida platformada kelajakda IT sohasida kasb-hunar egallashni xohlovchi yosh qizlar uchun kurslar o‘rin olgan. Loyiha Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirilmoqda. Kurs yakunida talabalar platformada oʻqiganliklarini tasdiqlovchi sertifikatlarga ega bo‘ladilar. (Ta’kidlash joizki, loyiha dastlab qizlarning IT-ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan edi, ammo kurslar o‘g‘il bolalar uchun ham foydali bo‘ladi. Shuningdek, ular ham kursni tamomlaganligi to‘g‘risida sertifikat olishlari mumkin bo‘ladi)